2025-yilda kiberjinoyatlar oqibatida o‘zbekistonliklarning salkam 1,9 trln so‘m mablag‘lari o‘g‘irlandi. Bu haqda 23-dekabr kuni IIVda o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashrapov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, 2021−2025-yillarda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni 11 baravarga (4865 tadan 62 440 tagacha) ortgan. Buning oqibatida fuqarolarga 3 trln 730 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Shundan 1 trln 890 mlrd so‘m qismi joriy yilning 11 oyi hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Tan olish kerak, ilgari bu sohadagi jinoyatlarga qarshi kurashishda bizda tajriba yetishmas edi. Shu sababli xorijiy hamkorlarimiz bilan ma’lumot va tajriba almashish, ularning yetakchi xodimlarini jalb etish hamda mutaxassislarni tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘ydik. Xususan, vazirlik akademiyasida „Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati“ yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, bu yildan boshlab 100 nafar kursant qo‘shimcha o‘qishga qabul qilindi. Shuningdek, „Bir million dasturchi“ loyihasi doirasida dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan nomzodlarni akademiyaning ushbu ta’lim yo‘nalishida o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi”, — deydi u.
Uning qayd etishicha, axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha raqamli laboratoriya tashkil etilgan. Fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan mablag‘larni noqonuniy yechib olishga yo‘naltirilgan, eng xavfli va ko‘plab fuqarolarga zarar yetkazgan 483 ta “fishing” turidagi zararli dastur aniqlanib, faoliyati to‘xtatilgan.
IIV rasmiysiga ko‘ra, kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq 2424 ta jinoyat aniqlangan. Jinoiy yo‘l bilan topilgan 76 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘larning kripto shaklida respublika hududdan olib chiqib ketilishi oldi olingan.
“Kibermakonda jamoat tartibiga tahdid soluvchi, shaxsning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishini targ‘ib qilib kelish bilan bog‘liq 3843 ta internet resursi bloklandi, firibgarlikka undovchi 1508 ta zararli havola faoliyatiga chek qo‘yildi”, — deydi Tergov departamenti boshlig‘i.
Avvalroq O‘zbekistonda kiberjinoyatlarning 98 foizi bank kartalari bilan bog‘liq ekani, fuqarolar 4 yilda 1,9 trln so‘m zarar ko‘rgani haqida yozgandik. 2024-yilda umumiy jinoyatlarning 44,4 foizi kiberjinoyatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mashhurlar qiyofasidan foydalangan holda jinoyat sodir etish (dipfeyk) ham ommalashmoqda.